Farz namozidan keyin o‘tirib «Oyatul kursiy», «Amanar rasulu», «Qulillahumma malikal mulk» oyatlarinio‘qir, so‘ng sunnat namozini ado etardi. Namozni o‘z vaqtida o‘qir, kechiktirmasdi. Qish kechalarida yostiq ishlatar, yozda esa bo‘yra ustida suyanib yotardi. «Ilohi, bizni nafsimiz bilan yolg‘iz tashlab qo‘yma, bizga rozi bo‘lganing narsalarni nasib ayla, oqibatimizni xayrli qil, inson shaklidagi shaytonlardan bizni uzoq tut!» — deb munojot qilardi. Muridlarining hurmatini joyiga qo‘yar, majlisga kelgan-kelmagan va bir-birini shikoyat qilganlarni bir-biri bilan yuzlashtirib, yarashtirib qo‘yar, bir kishining so‘ziga qarab, boshqasini ranjitmasdi. Mabodo birisi kelib: «Falon kishi sizni mensimay tilga oldi, haqorat qildi», — desa, «uning aytganiga roziman», — der edi.
Qozi, mufti, rais, imom, muazzin va qorovullarga qilgan xizmatlarining savobini tushuntirar, ularni ezgulikka tashviq etib: «Haq tomonida bo‘ling!»,—deya nasihat qilardi. Samarqand peshvolariga qal’a qurish lozimligini aytar edi. Agar kapcha - cho‘mich orqali qozonga chang-tuproq tushgan bo‘lsa, u taomdan yemas edi. Kasallarni ziyorat qilar, muhtojlarga qarz berar, lekin qaytib olmasdi. Shahzoda Qusam ibn Abbos (raziyallohu anhu)ning qabrini ziyorat etardi. Do‘stlaridan birortasi Chata, To‘qmoq va Urus qo‘shinlariga qarshi janglarda shahid bo‘lganini eshitsa, janoza namozini o‘qirdi. Biron narsa yoki biror kishini la’natlamas va Chingizni duoibad qilmasdi. Muridlarini go‘sht yeyish (g‘iybat) va ko‘p so‘zlashishdan man’ etardi. O’zi ham ko‘p gapirmasdi. Hujrasida bo‘yra, kigiz, ko‘za, ikki yostiq va qozondan boshqa narsa yo‘q edi. Boyni mol-davlati tufayli kambag‘aldan ustun ko‘rmasdi. Har doim faqir va boy sahobalarning ahvollaridan so‘z yuritar, muridlariga ham ularga ergashishni buyurardi.
Qon oldirar, nishtar urdirar, doru ichardi. (O’zi tashkil etgan) madrasada talabalarga dars berardi. Doimo tahoratli yurib, ovqatni ham tahoratli holda yerdi . Ishlarida shoshilmas, bapo va qiyinchiliklarga sabr qilar, har kimga sirrini oshkor etmas, o‘zining odatiy ishlarini tark etmas, bir ishga kuchi yetmasa, o‘zidan ranjib, istig‘for etardi. Har oqshom o‘tgan kunining hisob-kitobini qilardi. Rizq g‘amini yemasdi. Ko‘p namoz o‘qir, ro‘za tutar, muridlarini ins, jin va shayton kabi dushmanlardan ogohlantirib: «Bu dushmanlar doimo tahoratli yurish va zikr qilish bilan daf etiladi», — der edi. Shayxidan nima eshitgan va ko‘rgan bo‘lsa, shularni muridlariga tavsiya qilardi. To‘g‘ri kelgan joyga hojat qilmasdi. Giyoh o‘sgan joylarga bavl qilmas va tupurmas edi. «Haq» ismini ko‘p aytar, Alloh taoloni zikr qilmasdan taomga qo‘l uzatmas va: «Luqma yeyish bu — urug‘ sepishdir. Urug‘ni ongli va hushyor holatda ekish kerakki, quvvati taom bo‘lsin», — der edi.
Libosini peshobdan ehtiyot qilar edi. Biron kishiga va’da bergan bo‘lsa, so‘zining ustidan chiqardi. Musulmonlarga qo‘li va tili bilan ziyon yetkazmaslikka harakat qilardi. Muhtojlarga yordam berardi. Burniga xushbo‘y hid taralsa, salovot keltirar, «La ilaha illalloh al-Malik ul-Haqq ul-Mubin» va «Subhanallohi va bihamdihi subhanallohil-azim va bihamdihi astag‘firulloha min kulli zanbin va atubu ilayh» duolarini, «Subhanalloh» kalimasini oxirigacha ko‘p o‘qirdi. Doimiy ravishda bosh og‘rig‘idan qiynalardi. Bir kun Xoja Hamiduddin Multoniyning maqomi (qabri)da: «Menga bu dard berilganiga qirq uch yil bo‘ldi. Sahobalardan ba’zilari ham doim bir dard bilan og‘rib yurar, ammo ular buni xalqdan yashirar edi», — dedilar. Beva, g‘arib, yetim va musofirlarning ahvolini so‘rab-surishtirar, ularni qo‘llab-quvvatlar edi.
_________________
İlim servetten daha kıymetlidir. Çünkü, serveti sen korursun, halbuki ilim seni korur. Hz.Ali r.a.
|