Abdulxoliq G’ijduvoniy (1103—1179)
Musulmon Sharqida mashhur tariqat piri, xojagon-naqshbandiya silsilasining asoschisi Xoja Abdulxoliq G’ijduvoniy Buxoro viloyatining G’ijduvon tumanida tug‘ilgan. U boshlang‘ich ta’limni G’ijduvonda olib, 9 yoshidayoq Qur’oni karimni yod bilgan, 10 yoshidan boshlab darveshlarning zikr tushishlarida faol ishtirok etgan. Keyin tahsilni Buxoro shahrining mashhur madrasalarida davom ettiradi. Bu yerda u Imom Sadriddin ismli zamonasining yetuk allomasidan tafsir ilmini mukammal o‘rganadi.
Abdulxoliq 22 yoshida Buxoroga kelgan o‘sha davrning dongdor shayxi Xoja Yusuf Hamadoniy (1048—1140) bilan uchrashib, unga shogird tushadi. Xojai Xizr uning saboq piri bo‘lsa, Xoja Yusuf suhbat va xirqa piriga aylanadi. Abdulxoliq G’ijduvoniy ustozi Xoja Yusuf Hamadoniy Xurosonga qaytib ketguniga qadar u buyuk zotning xizmat-mulozamatida bo‘lib, xojagon tariqatining usullarini mukammal egallaydi (xojagon tariqatini garchand Xoja Abdulxoliq asoslagan bo‘lsa-da, uning ilk urug‘lari Xoja Yusuf tomonidan tashlangan) va ko‘p o‘tmay o‘zi ham yirik tasavvuf olimiga aylanadi. Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asarida yozilishicha: «... alarning valoyati ul yerga yettiki, har vaqt namozda Ka’baga borurlar erdi. Alarning valoyati ko‘p erdi va Shomda alarg‘a ko‘p muridlar paydo bo‘ldilar».
Xoja Abdulxoliq G’ijduvoniyning tasavvuf tarixidagi buyuk xizmati yangi bir tariqatga asos solgani bilangina belgilanmaydi. Xojagon tariqati vositasida u tariqatni Muhammad payg‘ambar sunnatiga muvofiqlashtirdi, uni turli bid’atlar va botil qarashlardan tozaladi. Shariatga amal qilish, undan chekinmaslikni asosiy qoidaga aylantirdi. Tarkidunyochilik va xilvatni rad etib, jamoat bilan birga bo‘lishni shart qilib qo‘ydi. Olloh muhabbati deb dunyodan kechmaslikka da’vat qildi. Luqma halolligi — har kim o‘z mehnati bilan kun ko‘rishi zarurligini tariqatning asosiy talabi qilib belgiladi. Bu tariqat taqvo deb haddan oshishni ma’qullamaydi. Axloq masalasi qat’iy qilib qo‘yildi. Bularning barchasi tasavvuf taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Xojagon-naqshbandiya real hayotiy shart-sharoitlar, insonning mavjud imkoniyatlariga asoslanganligi uning hamma zamonlar va barcha tabaqalar talabiga javob beradigan zamini mustahkam tariqat ekanligidan dalolat beradi. Shariat andozasiga solingan, bid’at va nuqsonlardan xoli Abdulxoliq G’ijduvoniy yo‘lining asrlar davomida tariqatda hujjat va barcha guruhlarda maqbul, deb e’tirof etib kelinayotgani va Turkiston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Iroq, hatto Shimoliy Afrikada keng tarqalgan xojagon-naqshbandiya tariqatining hozirgi kunda ham dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotganligining sabablari shunda.
_________________
İlim servetten daha kıymetlidir. Çünkü, serveti sen korursun, halbuki ilim seni korur. Hz.Ali r.a.
|