Nonni suv bilan kam iste’mol qilardi, lekin ko‘proq quruq non yer edi. Gapirayotganda «men» demasdi. Agar ehtiyoj bo‘lsa, «bechora» derdi. Biron kishini «ko‘ppak, to‘ng‘iz, badbaxt, la’nati, benasib» singari so‘zlar bilan so‘kmasdi. «Issiq-sovuq» demasdi. Hammomga bormasdi. Hech kimni qarg‘amas, uchragan mo‘‘minga salom berar, har bir kirib kelgan kishi uchun oyoqqa turardi. Doim fikr surar, g‘amgin edi. Adad hisobini bilmasdi. Xati go‘zal edi. Mo‘ylovlarini qisqartirib yurar, muridlari ham shunday qilishardi. Tanholikni, xilvatu uzlatni ixtiyor etardi. Ko‘pincha yovg‘on (go‘shtsiz, yog‘siz tayyorlangan suyuq ovqat) yer edi. Doimiy ravishda mujohada va riyozatli edi. Xalqning taomini yemas, avom bilan suhbatlashishdan saqlanardi. Qora etik kiyar, sallasini donishmandlarga o‘xshab o‘rar va uchini ikki yelkasi orasiga tashlardi. Yaxshi ketmon chopardi. Ishsiz, tekinxo‘r va yeyaverib semirib ketgan odamlarni do‘st tutmasdi.
Tabobat ilmi bilan aloqador narsalardan so‘zlardi. Yo‘lda ketayotib, har tomonga alanglamasdi. Majlisda barchaga taalluqli so‘zlardan gapirardi. Masjidga, xonaqohga va uyiga o‘ng oyoq bilan kirib, chap oyoq bilan chiqardi. O’ng qo‘l bilan ovqatlanar, kam taom yer edi, boshyalang namoz o‘qimas va ovqatlanmas edi. Baland ovozda qiroat qilmasdi. Agar kunda yuz marta tahorati sinsa ham qayta tahorat qilardi. Masjid, sahro, mahalla, qishloq va tog‘larga ko‘p chiqar, u yerda yashovchi turk, tojik, arab, erkagu ayol, xoja, darvish, qul, savdogar, xo‘jayin, cho‘pon, tuyakash, tanish-notanish har xil toifadagi kishilarga Islomdagi farz, vojib, sunnat, mustahab, odob, harom, halol, muboh va makruh narsalar, hayz, nifos, istihoza, oldi-sotdi va hokazo muomalalardan so‘z yuritar, imkon va toqatlariga ko‘ra tushuntirar edi.
Kimdan bir yaxshilik ko‘rsa, uni bir necha barobar qilib qaytarardi. Yonida doimo xurmo, yirik mayiz va kulcha olib yurar, atrofidagilarga ulashardi. Shayxining huzurida gapirmas edi. Odamlarning ekinzorlaridan o‘tmasdi. Namozni cho‘zib yubormasdi. Uy-ro‘zg‘or ishlarini o‘zi bajarar, tegirmonga o‘zi borardi. Bahorda ko‘p sayohat qilardi. Bamdod, ishroq, avvobin, tahajjud va istixora namozlarini tark etmas edi. Shahid bo‘lishni orzu qilardi. Sadaqa va zakot berar, e’tikofga kirar, qurbonlik qilar, qul ozod etardi. Haq taoloning tahdididan qo‘rqar, va’dasiga umidvor bo‘lardi. Ko‘ngildan sevuvchi va seviluvchi, sidqu safo ahliga mansub bir inson edi. Ixlosli, halim va saxovatli zot edi. Allohga doim shukr qilar, aslo shikoyat etmasdi. Haq qismatiga rozi, har lahza o‘limga tayyor edi. Atrofidagilarga mehru shafqatli, qariyalarni hurmat qilar, norasidalarni erkalatardi. Omonatga xiyonat etmas, qarindosh-urug‘larini tez-tez ziyorat qilar, har qanday xavf-xatardan Allohga sig‘inardi. Doimiy ravishda oxiratni talab qilar, Allohdan tavfiqu toat tilardi. Qo‘ni-qo‘shnichilik haqiga rioya qilardi. Yo‘llarni yulovchilarga aziyat yetkazuvchi narsalardan tozalab yurardi.
_________________
İlim servetten daha kıymetlidir. Çünkü, serveti sen korursun, halbuki ilim seni korur. Hz.Ali r.a.
|